Ramanova Dildora Yuldashevna tibbiyot sohasida ko’p yillik mehnat tajribasiga ega, malakali pedagog va ilmiy tadqiqotchi hisoblanadi. U o’z faoliyati davomida hamshiralik ishini tashkil etish, jamoat salomatligini saqlash va tibbiy ta’limni takomillashtirish sohalarida samarali mehnat qilib kelmoqda.
Ramanova D.Yu. 1999-2002 yillarda 1-Toshkent davlat tibbiyot instituti oliy ma’lumotli hamshira fakultetida tahsil olib, mehnat faoliyatini 2002 yildan boshlagan. Dastlab «tibbiyotda marketing va menejment» kafedrasida stajyor-o’qituvchi, keyinchalik assistent sifatida pedagogik tajribasini izchil ravishda rivojlantirgan. Pedagog sifatida u zamonaviy ta’lim texnologiyalarini qo’llash, o’quv dasturlari va elektron ta’lim modullarini ishlab chiqish, o’quv jarayoni samaradorligini oshirishga qaratilgan metodik ishlarda faol ishtirok etadi. Ta’lim jarayonida talabalar bilan ishlashda mas’uliyatli, talabchan va adolatli munosabati bilan ajralib turadi.
2007-2009 yillarda birinchi Respublika tibbiyot kolleji «hamshiralik ishi» kafedrasida o’qituvchi bo’lib faoliyat yuritgan. 2010-2012 yillarda Toshkent tibbiyot akademiyasining jamoat sog’lig’ini saqlash maktabida «hamshiralik ishini tashkil etish va boshqarish» mutaxassisligi bo’yicha magistraturani tamomlab, soha bo’yicha ilmiy va pedagogik faoliyatini yanada mustahkamlagan. Keyinchalik Respublika o’rta tibbiyot va farmasevtika xodimlari malakasini oshirish va ularni ixtisoslashtirish markazida uslubchi va o’qituvchi sifatida ishlab, 2016 yilda jamoat sog’lig’ini saqlash maktabida xona-mudiri, 2017 yildan assistent lavozimida faoliyat yuritgan. 2020 yildan Toshkent davlat stomatologiya institutida «O’rta tibbiy xodimlar malakasini oshirish» kafedrasi assistenti sifatida ish faoliyatini davom etirgan. ta’lim jarayoni uchun fan dasturlari va o’quv-uslubiy qo’llanmalar ishlab chiqqan.
Jamg’arma Vasiylik Kengashining 2019 yil 7 may 9 – bayoni qaroriga muvofiq stipendiya tanlovida malaka oshirish ta’lim dasturi bo’yicha g’olib deb topilgan. 2022 yilda Toshkent tibbiyot akademiyasi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazida malaka oshirish kursni muvaffaqiyatli tamomlab, zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini ta’lim jarayoniga joriy etish bo’yicha malakasini yanada oshirgan.
Ramanova D.Yu. 2026 yildan Toshkent davlat tibbiyot universiteti jamoat sog’lig’ini saqlash maktabida assistent lavozimida faoliyat yuritib kelayapti. U 2021 yildan boshlab mustaqil izlanuvchi sifatida PhD dissertasiyasi ustida ilmiy tadqiqot olib bormoqda. U 30 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar shuningdek, uslubiy tavsiyanomalar muallifi bo’lib, ilmiy faoliyati hamshiralik ishini tashkil etish, tibbiy xodimlarda kasbiy stress va emosional toliqish sindromini o’rganish, uning profilaktikasi va psixogigienik yondashuvlarni ishlab chiqishga bag’ishlangan.
Kasbiy faoliyati davomida tashabbuskorligi, mas’uliyatliligi, yuqori tashkilotchilik qobiliyati va ilmiy tahlilga moyilligi bilan jamoada hurmat qozongan. O’z vazifalariga vijdonan yondashadi, xizmat intizomiga qat’iy rioya qiladi va doimiy ravishda o’z malakasini oshirib kelmoqda.




